![Rossiyada chet el fuqarolari uchun raqamli profil tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda](/netcat_files/generated/17/27/1000x500/2987/cf10b2b8ca679d5ef79776490c2a18f3.jpg?crop=0%3A0%3A0%3A0&hash=240a529b6b2cb45213eeb061393802ed&resize_mode=1&wm_m=0&v=20250106080238)
Rossiyada chet el fuqarolari uchun raqamli profil tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda
2025-yil 30-iyundan boshlab Rossiyada mamlakat hududiga kirayotgan chet el fuqarolari uchun raqamli profillar yaratish bo‘yicha keng qamrovli loyiha ishga tushadi. Biometrik va shaxsiy ma’lumotlarni to‘plashga asoslangan yangi tizim migratsiya jarayonlari nazoratini yaxshilash va davlat organlari bilan munosabatlarni soddalashtirish maqsadini ko‘zlaydi.
TASS xabar berishicha, barmoq izlari olish va suratga tushirish jarayoni Rossiya chegarasini kesib o‘tuvchi barcha chet el fuqarolari uchun majburiy bo‘ladi. Bu ma’lumotlar individual raqamli profillarni shakllantirish uchun ishlatiladi. Olti yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatik vakolatxonalar, konsulliklar va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari bu talabdan ozod etiladi.
Chet el fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida migrantlar uchun maxsus ishlab chiqilgan RuID mobil ilovasi orqali raqamli profil yaratish imkoniyati taqdim etiladi. Bu ilova chet elliklar uchun moslashtirilgan «Davlat xizmatlari» portalining muqobili bo‘lib, mamlakatga kelganlik haqida xabar berish, tibbiy sug‘urta rasmiylashtirishni, IIV organlariga qabulga yozilishni va boshqa davlat hamda tijorat xizmatlaridan foydalanishni ta’minlaydi.
Tizimni to‘liq joriy etish 2025-yil yozida yakunlanishi rejalashtirilgan.