Metapnevmovirus va rinovirus: mintaqada nima bo‘lyapti?
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakatda gripp, metapnevmovirus va rinovirus kabi o‘tkir nafas yo‘llari infeksiyalari qayd etilgan. Kasallanish ko‘rsatkichi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida eng yuqori, biroq yuqish xavfi barcha yosh guruhlarida saqlanib qolmoqda.
Metapnevmovirus infeksiyasi yuqori va quyi nafas yo‘llarini zararlaydi, yo‘tal, tumov va isitmaga sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda, ayniqsa bolalar va immuniteti zaiflashgan kishilarda bronxitga aylanishi mumkin. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, oktyabrdan boshlab mavsumda 30 ta metapnevmovirus holati qayd etilgan bo‘lib, bu Qozog‘istondagi barcha tasdiqlangan O‘RVIning 1,6 foizini tashkil etadi.
“Yangi o‘ldiruvchi virus” haqidagi xabar ommaviy axborot vositalarida shov-shuvga sabab bo‘ldi, ammo mutaxassislar metapnevmovirus uzoq vaqtdan beri ma’lum ekanligini va har yili turli mamlakatlarda, jumladan ikki yil oldin katta tarqalish kuzatilgan AQShda qayd etilishini ta’kidlashmoqda. Ushbu virusga qarshi maxsus davo bo‘lmasa-da, u aksariyat odamlar uchun oddiy shamollashdan xavfli emas.
Mavsumiy viruslar qishda faollashishini va profilaktika choralari hamma uchun bir xil ekanligini yodda tutish muhim: qo‘llarni muntazam yuvish, odam gavjum joylardan uzoqroq yurish va immunitetni mustahkamlash kerak. O‘zbekistonda hozircha bu infeksiya holatlari qayd etilmagan, biroq shifokorlar viruslar chegaralardan o‘tishi mumkinligini hisobga olib, ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya etmoqdalar.