
Rossiyada qonunbuzar migrantlar ro‘yxati ishga tushdi
5-fevraldan boshlab Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgan chet el fuqarolari kiritiladigan nazorat ostidagi shaxslar ro‘yxati amalda joriy etildi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi vatandoshlarimizga yangi qoidalarni eslatib, o‘z maqomlarini tekshirib ko‘rishga da’vat etdi.
Qarorga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan shaxslar yo Rossiyani tark etishlari, yoki 2025-yil 30-aprelgacha o‘z huquqiy holatini tartibga solish uchun IIV yoxud Moskvadagi «Saxarovo» migratsiya markaziga murojaat qilishlari lozim. «Amnistiya» davrida ularga nisbatan deportatsiya choralari va keyinchalik kirish bo‘yicha cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Biroq, ro‘yxatda bo‘lish jiddiy cheklovlarni keltirib chiqaradi. Bunday chet el fuqarolariga ko‘chmas mulk va transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, nikoh qurish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, bank hisobvaraqlari ochish va avtomobil boshqarish taqiqlanadi. Shuningdek, noqonuniy migrantlarning farzandlari uchun maktab va bog‘chalarga kirish imkoniyati yopiladi.
O‘zbekiston elchixonasi Rossiyada qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan fuqarolariga salbiy oqibatlardan qochish uchun zudlik bilan o‘z maqomlarini qonuniylashtirish zarurligini qat’iy tavsiya etadi. O‘zingizni ro‘yxatda tekshirishni RF IIV rasmiy veb-saytida amalga oshirishingiz mumkin.