
Binance O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda
Yirik Binance kripto birjasi yaqin vaqt ichida O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini boshlaydi. Platforma faoliyati mahalliy hamkor — kripto birja va kripto do‘konni boshqarish uchun litsenziyalarga ega bo‘lgan, shuningdek, kripto aktivlar sohasida xizmatlar ko‘rsatadigan Coinpay kompaniyasi orqali tashkil etiladi.
O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qilishicha, mamlakat rezidentlari bo‘lgan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish masalasi hal etilgan va platforma Coinpay’ning rasmiy manbalari orqali foydalanish uchun taqdim etiladi.
O‘zbekistonlik foydalanuvchilar bank kartalari hamda mashhur Uzcard va Humo to‘lov tizimlari yordamida milliy valyutadagi mablag‘larni kiritish va yechib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Platformalar o‘rtasida barcha zarur modullarning texnik integratsiyasi yakunlangach, ishga tushirishning aniq sanasi e’lon qilinadi. Tizimning ishga tushishi haqida Binance va Coinpay’ning rasmiy manbalari orqali xabar beriladi.