
O‘zbekistonlik velomarafonchi Moskva Millatlar uyida konsert beradi
O‘zbekistonlik opera xonandasi va velosport ustasi Xursand Sherovning Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan konserti 14-may kuni Moskva Millatlar uyida bo‘lib o‘tadi. Tadbir uning Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha yakka tartibdagi velosayohatining bir qismi bo‘ladi.
"Ushbu velomarafon Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikni, ularning fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaga qo‘shgan umumiy hissasini ta’kidlashga qaratilgan," — dedi tashkilotchilar.
Konsert Moskva Milliy siyosat va mintaqalararo aloqalar departamenti ko‘magida bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar - Rossiya xalqlari assambleyasi, "Moskva o‘zbek hamdo‘stligi" mintaqaviy jamoat tashkiloti (MOT), Tver viloyati o‘zbek milliy-madaniy muxtoriyati va Moskva hukumati huzuridagi Millatlar ishlari bo‘yicha kengashning etnomadaniy rivojlanish komissiyasi.
Konsert dasturida Xursand Sherovdan tashqari, "O‘zbekiston Moskva hamdo‘stligi" RJBning "Guldasta" Markaziy Osiyo raqs ansambli, Rossiyaning "Xuasin" yoshlar ta’lim markazi, Tojikiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Nohid Zeynalpur ("Tojik madaniyat markazi" RJB), Qozog‘iston milliy-madaniy muxtoriyatining "Do‘mbira" ansambli, Moskva va Moskva viloyatining bolalar ijodiy jamoalari ishtirok etadi.
"Xursand Sherovning velopoygasi tarixiy xotirani asrab-avaylash muhimligiga jamoatchilik e’tiborini qaratish, turli millatlarga mansub Ulug‘ Vatan urushi qahramonlarining jasoratlarini jamiyatga eslatish va millatlararo muloqotning axloqiy me’yorlarini shakllantirish, shuningdek, o‘sib kelayotgan avlodda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qiladi," — deyiladi tashkilotchilar xabarida.
Eslatib o‘tamiz, velopoyga 2025-yil 10-mart kuni Toshkentdagi "Birodarlik qabrlari" yodgorlik majmuasidan tantanali ravishda boshlandi. Marafonning umumiy masofasi 3,5 ming km dan ortiq bo‘lib, sportchi uni ikki oy ichida bosib o‘tdi.