Energiya resurslari nazoratini ishchi guruhlar kuchaytiradi
30 январь

Energiya resurslari nazoratini ishchi guruhlar kuchaytiradi

Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishni nazorat qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabining kengaytirilgan majlisida o‘g‘irliklarning oldini olish va energiya tejash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Tadbirda Energetika va Ichki ishlar vazirliklari, Departament vakillari, shuningdek, “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot” tashkilotlari hamda ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlarni bajarish maqsadida mas’ul shaxslarga mahalliy hokimliklar, bojxona organlari, tijorat banklari va ta’minot korxonalari ishtirokida ishchi guruhlar tuzish vazifasi yuklandi. Asosiy vazifa 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonga 600 MVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish jarayonini nazorat qilishdan iborat.

Bundan tashqari, energiyani tejash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Bular jumlasiga ulgurji iste’molchilarga reaktiv batareyalarni o‘rnatish, ikki bosqichli energiya iste’moli rejimiga o‘tish, nostandart gaz yoqgichlarni almashtirish jadvalini ishlab chiqish va 400 ta yirik korxonada energiya auditini o‘tkazish kiradi.

Ushbu qarorlarning ijrosi shtabning alohida nazorati ostida bo‘ladi.