Laboratoriya go‘shti: axloqiy va ekologik muqobilmi?
18 март

Laboratoriya go‘shti: axloqiy va ekologik muqobilmi?

Laboratoriyada yetishtiriladigan go‘sht an’anaviy chorvachilikka muqobil bo‘lgan istiqbolli oziq-ovqat yo‘nalishlaridan biridir. Biroq, bu texnologiya bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda va ba’zi mamlakatlar, masalan, Italiya uni taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston ham an’anaviy go‘sht narxining oshishiga duch kelmoqda. Keling, bu masalani chuqurroq ko‘rib chiqaylik.

Madaniylashtirilgan (laboratoriya) go‘shtning innovatsion jarayoni an’anaviy chorvachilikka nisbatan bir qator muhim afzalliklarga ega. Axloqiy nuqtai nazardan u hayvonlarning azob-uqubatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ekologik jihatdan, laboratoriya go‘shti ishlab chiqarish 99% gacha kamroq yer resurslarini va 96% gacha kamroq suvni talab qiladi, shuningdek, metan — kuchli issiqxona gazi chiqindilarining sezilarli darajada (o‘rtacha 15 baravar) kamayishiga olib keladi.

Nihoyat, iste’molchilar salomatligi nuqtai nazaridan, yetishtiriladigan go‘sht hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasalliklar (masalan, parranda grippi yoki sigir quturishi) xavfini kamaytiradi va chorva mollarini sanoat yo‘li bilan so‘yishda yuz berishi mumkin bo‘lgan najas bakteriyalarining yakuniy mahsulotga kirishini oldini oladi.

Muammolar va cheklovlar

Bir qator afzalliklarga qaramay, laboratoriya go‘shtini ishlab chiqarish va iste’mol qilish ba’zi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, hozirgi bosqichda yetishtiriladigan go‘shtning uglerod izi an’anaviy usulda ishlab chiqarilgan go‘shtnikiga qaraganda yuqoriroq. Bu laboratoriya sharoitlarini saqlab turish uchun zarur bo‘lgan yuqori energiya sarfi bilan bog‘liq. Biroq, bu muammoni qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish orqali hal qilish mumkin.

Ikkinchidan, laboratoriya go‘shtining mavjudligi hozircha juda cheklangan: u faqat Singapur va AQShda iste’molchilar uchun mavjud.

Uchinchidan, tartibga solish masalasi mavjud: ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ushbu texnologiyaning potentsial xavflarini baholashni davom ettirmoqda. Italiya esa milliy an’analar va madaniyatni himoya qilish, shuningdek, mahsulot sifati va xavfsizligiga shubha bilan qaragan holda madaniylashtirilgan go‘shtni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistondagi vaziyat

Bundan to‘rt yil oldin qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekiston chorvachiligi yaylovlarning jadal o‘zlashtirilishi, doimiy qurg‘oqchilik va buning oqibatida yem-xashakning keskin yetishmasligi tufayli jiddiy xavf ostida qolayotganini ta’kidlagan edi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, aholining aksariyati (94-95 foiz chorvadorlar) o‘z yaylovlari va ozuqasiga ega emas. Bu esa odamlarni chorvani arzon narxlarda, asosan go‘shtga sotishga majbur qilmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa, chorva soni keskin kamayadi, go‘sht va sut narxi sezilarli darajada oshadi. Bugun ham aynan shunday bo‘lyapti.

Yaqinda O‘zbekiston mol go‘shti narxi bo‘yicha qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadan o‘zib ketayotgani haqida yozgan edik. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida mol go‘shti 18,5 foizga, qo‘y go‘shti 19,4 foizga qimmatlashgan.

2021-yilda professor Xalilov zudlik bilan choralar ko‘rish kerakligini ta’kidlagan edi. Mutaxassisning aytishicha, O‘zbekistonda sut sifati va chorva mollari salomatligini yaxshilaydigan qimmatli ozuqa — silos va senaj deyarli tayyorlanmayapti. Kam kaloriyali somon, silos va senaj tayyorlash texnologiyasini biladigan malakali mutaxassislar yetishmasligi muammoni yanada chuqurlashtirmoqda.

O‘simlik nobud bo‘lsa, bir yilda tiklanadi, ammo chorva nobud bo‘lsa, qirq yilda tiklanadi,” deya ogohlantirgan professor chorva mollarini saqlab qolish muhimligini ta’kidlagan.

2025-yil fevral oyida O‘zbekistonda go‘sht eng qimmat mahsulotlar qatoriga kirdi. Bu qisman ozuqa, ishchi kuchi narxining oshishi, ishlab chiqarish va transport xarajatlarining ko‘payishi, shuningdek, aholisi 37 milliondan oshgan mamlakatda go‘shtga bo‘lgan yuqori talab bilan bog‘liq.

Xulosa qilib aytganda, laboratoriyada yetishtiriladigan go‘sht go‘sht ishlab chiqarish va iste’mol qilish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga yechim bo‘lishi mumkin. Biroq, texnologiya yanada rivojlanish va tartibga solishni talab qiladi.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham go‘sht narxining oshishi bilan bog‘liq vaziyat oqsilning muqobil manbalarini izlash va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini optimallashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston ozuqa ekinlari ekadimi yoki yetishtiriladigan go‘shtni muammoni hal qilish variantlaridan biri sifatida ko‘rib chiqadimi — buni vaqt ko‘rsatadi.