O‘zbekistonda attraksionlar xavfsizligi bo‘yicha yangi qoidalar joriy etildi
O‘zbekistonda Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament hamda ularni hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi. Vazirlar Mahkamasining tegishli 886-sonli qarori 2024-yil 26-dekabrda imzolandi.
Hujjat fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan attraksionlardan foydalanishning yagona talablarini belgilaydi. Yangi qoidalarga ko‘ra, attraksionlar faqat xavfsizlik standartlariga muvofiqligi tekshirilgandan so‘nggina ishlatilishiga ruxsat beriladi.
Reglamentga rioya etilishi bir qator davlat organlari, jumladan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa idoralar tomonidan nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, mamlakatda attraksionlarning davlat reyestri tashkil etiladi. Unda ro‘yxatga olingan obyektlar va ularning egalari haqidagi ma’lumotlar qayd etiladi. Reestrni yuritish Sanoat qo‘mitasiga topshirilgan bo‘lib, u ma’lumotlarni muntazam ravishda yangilab boradi.