
O‘zbekiston pasportlar kuchi reytingida yuqoriga ko‘tarildi
So‘nggi bir yilda O‘zbekiston fuqarolari vizasiz borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 24 tadan 29 taga ko‘paydi. Kanadaning Arton Capital konsalting kompaniyasi tomonidan tuzilgan Passport Index pasportlar kuchi bo‘yicha jahon reytingida O‘zbekiston ikki pog‘onaga ko‘tarilib, 95 ta davlat orasida 68-o‘rinni egalladi.
Reyting vizasiz tashrif buyurish yoki kelganida viza rasmiylashtirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar soniga qarab pasportlarni baholaydi. Bugungi kunda O‘zbekiston pasporti 29 ta davlatga bemalol kirish imkonini beradi, 46 ta davlatda vizani kelish orqali rasmiylashtirish mumkin, 3 tasi uchun esa elektron ruxsatnoma talab etiladi. O‘zbekiston fuqarolari 120 mamlakatga sayohat qilish uchun standart tartibda viza olishlari kerak.
Yil davomida O‘zbekistonning umumiy indeksi 73 tadan 78 taga ko‘tarildi. 2024-yilda BAA, Tailand, O‘mon va Pokiston bilan vizasiz rejim o‘rnatildi, shuningdek, Xitoy bilan ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
Jahon reytingida BAA pasportlari yetakchilik qilmoqda: ularning egalari 133 ta mamlakatga vizasiz tashrif buyurishi va yana 47 tasida vizani rasmiylashtirishlari mumkin. So‘nggi o‘rinda 9 ta davlatga vizasiz kirish va 31 ta davlatga kelish bo‘yicha vizani rasmiylashtirish imkoniyati bilan Suriya turadi.
MDH davlatlari orasida Ukraina yetakchilik qiladi, u 150 ta davlatga kirish imkoniyati bilan 21-o‘rinni egalladi (98 tasi vizasiz, 52 tasi kelganida). Hamdo‘stlikdagi eng zaif pasport Turkmanistonda bo‘lib, u 68 indeks bilan 76-o‘rinni egallaydi.