
Toshkentda oziq-ovqat narxlari: nimalar qimmatlashdi, nimalar arzonlashdi?
2025-yil fevral oyida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Toshkent shahridagi yirik savdo tarmoqlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini kuzatib bordilar. Tadqiqotda 2025-yilning 9-yanvar va 6-fevral kunlari qayd etilgan 21 turdagi mahsulot narxlari tahlil qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, olti turdagi mahsulotning eng past narxlari yanvar oyiga nisbatan pasaygan. Eng ko‘p kartoshka narxi 26,1 foizga tushgan bo‘lib, bu yanvar oyidagi o‘sishdan so‘ng Pokistondan importning ko‘payishi bilan bog‘liq. Shuningdek, qizil sabzi (11,3 foizga), oshlavlagi (8,2 foizga), tuxum (7,8 foizga), sut (0,9 foizga) va shakar (0,4 foizga) narxlarining pasaygani qayd etildi.
Shu bilan birga, sakkiz turdagi mahsulot narxining ko‘tarilgani aniqlandi. Eng katta o‘sish oq karamda kuzatildi, bu mavsumiy omillar bilan bog‘liq. Bodring narxi ham oshgan, biroq 2024-yilning shu davriga nisbatan hamon 30 foiz past.
Yetti turdagi mahsulot, jumladan, bug‘doy uni, guruch, grechka, makaron, olma, banan va tovuq filesi narxlari o‘zgarishsiz qoldi.