O‘zbekistonda energiya resurslari ustidan nazorat kuchaytiriladi
11 февраль

O‘zbekistonda energiya resurslari ustidan nazorat kuchaytiriladi

O‘zbekistonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda, deb Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Prezidentning 2025-yil 10-fevraldagi PF-20-sonli Farmonida ushbu sohada davlat nazoratini takomillashtirish ko‘zda tutilgan tegishli o‘zgartirishlar belgilangan.

Hujjat yoqilg‘i-energetika resurslarini nooqilona iste’mol qilish, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlashga, shuningdek, sifatsiz yoqilg‘i sotilishi ustidan nazorat mexanizmlarini soddalashtirish maqsadiga qaratilgan.

Unga ko‘ra, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”) tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar sutkaning istalgan vaqtida amalga oshirilishi mumkin. Bunda tekshiruv haqidagi ma’lumotlar tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

Qabul qilingan chora-tadbirlar energiya resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish va iste’mol qilish ustidan nazorat samaradorligini oshirish, shuningdek, ulardan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashni kuchaytirish imkonini beradi.