
O‘zbekistonlik ayol olimlar Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar kuni bilan tabriklandi
Har yili 11-fevral kuni ilmiy tadqiqotlar, ta’lim va innovatsiyalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlarning xalqaro kuni nishonlanadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha ayol olimlarni kasbiy bayramlari bilan tabriklab, ularga yangi yutuqlar, kashfiyotlar va kelajak avlodlar uchun ilhom tiladi.
O‘zbekistonda ayollar ilm-fan sohasida faol ishtirok etmoqda. Bugungi kunda ular oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi xodimlarining qariyb 48 foizini tashkil etadi. Ularning 737 nafari fan doktori, 4652 nafari fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) hisoblanadi. Ilmiy darajaga ega bo‘lgan ayollarning umumiy soni 3770 nafarga yetdi.
Bundan tashqari, ayollar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida rahbarlik lavozimlarini egallamoqda. Hozirda 7 nafar ayol rektor, 45 nafar prorektor va 70 dan ortiq fakultet dekani faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichida 13 214 nafar ayol tahsil olmoqda, bu umumiy talabgorlarning 50 foizini tashkil etadi.