
Toshkentda ayollarning biznes va ilm-fandagi o‘rni haqida forum o‘tkazildi
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni munosabati bilan “Ayollar, biznes va innovatsiyalar” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda. Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, universitet rektori To‘lqin Teshaboyev va BMTning “Ayollar” tuzilmasining O‘zbekistondagi menejeri Seren Gyuven ishtirok etdilar.
Forum iqtidorli talaba qizlarning ilmiy va innovatsion loyihalari ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Tadbir davomida Zulayho Mahkamova O‘zbekistonda ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar va tashabbuslar haqida ma’ruza qildi. Uning aytishicha, so‘nggi yetti yilda 5247 nafar ayol fan doktori va falsafa doktori ilmiy darajasini olgan, bugungi kunda esa ilm-fan sohasida 5000 ga yaqin ayol olima faoliyat yuritmoqda. 14 mingdan ortiq ayol oliy o‘quv yurtlarida ilmiy va pedagogik ish bilan shug‘ullanmoqda.
Shuningdek, u tayanch doktoranturaga qabul qilinayotgan qizlar uchun har yili qo‘shimcha 300 ta o‘rin ajratilayotganini ta’kidladi. Umuman olganda, mamlakatimizdagi ilmiy xodimlarning 48 foizini ayollar tashkil etsa-da, ilmiy loyihalarning atigi 26 foizida ular rahbar sifatida ishtirok etmoqda.
Forum yakunida qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning tashabbuskorligini rivojlantirish, yoshlarning ilm-fan, biznes va innovatsiya sohalarida samarali hamkorlik qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.