O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga tashrif buyuradi
11 ноябрь

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga tashrif buyuradi

Shavkat Mirziyoyev 11-13 noyabr kunlari xalqaro sammitlarda ishtirok etish maqsadida Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga ish tashrifi bilan boradi.

Mirziyoyev 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan favqulodda arab-islom sammitida qatnashadi. Sammit Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud tashabbusi bilan chaqirilgan bo‘lib, G‘azo sektori va Livandagi mojaroning keskinlashuviga bag‘ishlanadi. Tadbirning muhim vazifasi Yaqin Sharq inqirozini hal etishga qaratilgan choralarni muhokama qilish bo‘ladi.

So‘ngra, 12-13 noyabr kunlari O‘zbekiston prezidenti Ozarbayjonga tashrif buyuradi. U yerda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP29) ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi o‘tkaziladi. Tadbir iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro harakatlarni muhokama qilish uchun davlat rahbarlarini to‘playdi.

Shavkat Mirziyoyev har ikki sammitda ham dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan O‘zbekistonning nuqtai nazarini ifodalaydigan ma’ruzalar bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Tashriflar davomida turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.