O‘zbekiston Adliya vazirligi odamlarni roziligisiz suratga olishni taqiqlash tashabbusi bilan chiqdi
18 март

O‘zbekiston Adliya vazirligi odamlarni roziligisiz suratga olishni taqiqlash tashabbusi bilan chiqdi

O‘zbekiston Adliya vazirligi odamlarni foto va videoga olish qoidalarini qattiqlashtiradigan qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini va tasvirni muhofaza qilishga qaratilgan hujjat Fuqarolik, Mehnat kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, shaxsni suratga olish va uning tasviridan (foto, video, san’at asarlari va boshqalar) foydalanishga faqat o‘sha shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi, quyidagi holatlar bundan mustasno:

Jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida: shaxslarni qidirish, davlat organlari tomonidan vazifalarni bajarish, huquqbuzarliklar va xavfsizlikka tahdidlar haqida xabar berish (sha’n va qadr-qimmatni kamsitmasdan).

Davlat xizmatchilari: davlat xizmatchilari va hokimiyat vakillarini vazifalarini bajarayotgan paytda suratga olish.

Jamoat joylari va tadbirlar: jamoat joylarida, mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlarda, shuningdek, ommaviy va xususiy tadbirlarda (to‘y, yubiley va hokazo) umumiy rejada suratga olish.

Ochiq manbalar: ochiq manbalardagi tasvirlardan foydalanish (tijorat maqsadlaridan tashqari).

Pullik tasvirlar: haq evaziga yaratilgan tasvirlardan kelishilgan maqsadlarda foydalanish.

Videokuzatuv: jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash uchun videokuzatuv tizimlari orqali suratga olish (majburiy ogohlantiruvchi belgilar bilan).

Tanani yalang‘ochlash talab qilinadigan joylarga kameralar o‘rnatish va suratga olish taqiqlanadi.

Qoidalar buzilgan taqdirda, fuqaro tasvirdan foydalanishga bergan roziligini qaytarib olish, uni yo‘q qilishni va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Mehnat kodeksiga xodimlarning tasvirga bo‘lgan huquqini himoya qiladigan qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa shaxsiy hayot daxlsizligini buzish maqsadida yashirin kameralardan foydalanganlik uchun jarimalar (10 dan 40 bazaviy hisoblash miqdorigacha, ashyolarni musodara qilish bilan) kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaning jamoatchilik muhokamasi 28 martgacha davom etadi. Shundan so‘ng u hukumat, prezident ma’muriyati va Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqiladi. Qonun qabul qilingan taqdirda, u rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.