
Prezident BAA bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir hamda energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiydan iborat delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi, qo‘shma korxonalar soni va aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Amirliklarning yetakchi kompaniyalari O‘zbekistondagi taxminan 20 milliard dollarlik loyihalarda ishtirok etmoqda.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri “yashil” energetika bo‘ldi. Bugun Navoiy viloyatida Masdar kompaniyasi tomonidan qurilgan 500 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu kompaniya ishtirokida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootlari foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, energetika, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, kon-qazish sanoati, hamda suv ta’minoti va chiqindilarni qayta ishlash sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.