
O‘zbekiston va JSST sog‘liqni saqlash masalasini muhokama qildi
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorov JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar oldini olish hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Asilbek Xudayorov Xans Klyugeni lavozimga qayta saylangani bilan qutlab, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘tgan yili Klyugening respublikaga tashrifi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va ustuvor vazifalarni belgilashga turtki bo‘lgani ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston aholisi 37,5 million kishidan oshganini, ularning to‘rtdan bir qismi reproduktiv yoshdagi ayollar ekanligini inobatga olib, perinatal xizmatlarni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar. Shu munosabat bilan Toshkentda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida Markaziy Osiyo mamlakatlarining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha submintaqaviy konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.