
O‘zbekiston qimmatbaho metallar bozori ustidan nazoratni kuchaytirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev qimmatbaho metallar aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirish va zargarlik sanoatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunni imzoladi. Hujjatda ushbu sohadagi qonunchilikni buzganlik uchun jarimalarni 11,25−18,75 mln so‘mgacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari 2027-yil 1-sentyabrgacha uzaytiriladi.
Affinaj korxonalariga qimmatbaho metallarni zargarlarga qulay shaklda sotishga, shuningdek, suvenir tangalar ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Zargarlar, shuningdek, London qimmatbaho metallar birjasi kotirovkalariga bog‘langan minimal narxlarga rioya qilish sharti bilan yarim tayyor mahsulotlarni boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqiga ega bo‘ladilar.
Qonun Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan bo‘lib, qimmatbaho metallar va toshlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, shuningdek, O‘zbekistonda zargarlik sanoatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Avvalroq jahon bozorida oltin narxi tarixiy maksimumni yangilab, bir unsiya uchun 3,5 ming dollarga yetgani haqida yozgan edik.