Markaziy bank bir kishiga tegishli bank kartalari sonini cheklaydi
2025-yil 1-yanvardan boshlab Markaziy bank bir jismoniy shaxsga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soniga vaqtinchalik cheklovlar joriy etadi. Endilikda bir bankda ko‘pi bilan beshta karta, barcha banklarda esa virtual va kobeydjing kartalarni qo‘shgan holda jami yigirmatagacha karta ochish mumkin bo‘ladi. Ushbu cheklovlar chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Banklarga, shuningdek, agar kartalar bo‘yicha 12 oy davomida operatsiyalar amalga oshirilmagan bo‘lsa, karta egalarini albatta xabardor qilgan holda ularni bloklash vazifasi yuklatilgan. Ushbu chora 2025-yil oxirigacha amal qiladi va firibgarlik hamda shubhali operatsiyalarga qarshi kurashishga qaratilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda karta egalarining 97 foizi beshtagacha, 3 foizi beshdan yigirmatagacha kartaga ega va atigi 0,03 foiz foydalanuvchilar 20 tadan ortiq kartani ro‘yxatdan o‘tkazgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ba’zi kartalar, ayniqsa ko‘p miqdorda ochilganlari, ko‘pincha ularning egalari bilmagan holda firibgarlik sxemalarida ishlatilgan.
2024-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 54,9 milliondan ortiq bank kartasi ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu har bir kishiga o‘rtacha 1,5 ta kartani tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich har bir kishiga 4 ta karta, Qirg‘izistonda esa 1,2 tani tashkil etadi.