Mahkumlar jazoni o‘z vatanida o‘tashlariga imkon yaratildi
1 февраль

Mahkumlar jazoni o‘z vatanida o‘tashlariga imkon yaratildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni keyingi jazo muddatini o‘tash uchun topshirish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va uchinchi o‘qishda ma’qullandi.

Shartnomaning asosiy maqsadi mahkumlarga o‘z fuqaroligi mamlakatida, oilasi yonida jazoni o‘tash imkoniyatini yaratishdir, bu esa ularning ijtimoiy reabilitatsiyasiga ko‘maklashadi. Hujjatda mahkumlarni topshirish shartlari va tartibi, shuningdek, xarajatlar, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish va o‘zaro hamkorlikning rasmiy tillari bilan bog‘liq masalalar aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul markaziy organlar sifatida ikki davlatning Bosh prokuraturalari belgilangan.

Ushbu shartnoma insonparvarlik va inson qadr-qimmatini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan. Uning har bir moddasida mahkumlar va ularning oila a’zolari manfaatlariga ustuvor e’tibor qaratilgan.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi va yakuniy tasdiqlash uchun Senatga yuborildi.