
O‘zbekistonliklar Niderlandiyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi
O‘zbekiston fuqarolari endi Niderlandiya mehnat bozoriga rasman kirish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qilmoqda.
Bryusselda o‘zbekistonliklarni Niderlandiyada ishga joylashtirish masalasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyaning EuroTalents kadrlash agentligi vakillari bilan uchrashib, malakali mutaxassislarni jalb etish masalasini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va EuroTalents o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Niderlandiya tomoni fuqarolarni ish bilan ta’minlashda, jumladan, mehnat shartnomalari tuzish, ish haqi va turar joy bilan ta’minlash, shuningdek, qonunchilik talablarining barcha me’yorlariga rioya qilishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini bildirdi.
Mehnat migratsiyasi O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining muhim omili bo‘lib qolmoqda. 2018-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda mamlakat aholisi daromadlarining 16 foizini mehnat muhojirlari jo‘natgan pul o‘tkazmalari tashkil etgan. Tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, chet elda ishlab yurgan o‘zbekistonliklar har yili vatanga 12-15 milliard dollar miqdorida mablag‘ yuborishadi.