
O‘zbekistonliklar uchun Saudiya Arabistoniga vizalar yana ochildi
Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi O‘zbekiston fuqarolari uchun "VisitSaudi" onlayn-portali orqali elektron turistik vizalarni rasmiylashtirishni qayta boshladi. Haj mavsumida viza berish vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, u tugagandan keyin deyarli 10 kun o‘tgach qayta yo‘lga qo‘yildi.
Cheklovlar 2025-yil apreldan 9-iyungacha amal qilib, o‘ndan ortiq davlatlarga, jumladan, O‘zbekiston va Tojikistonga ta’sir ko‘rsatdi. Saudiya Arabistoni rasmiylaridan rasmiy bayonot bo‘lmasa-da, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu chora Umra ziyoratini amalga oshirish uchun sayyohlik vizasi bilan kelgan ziyoratchilarning noqonuniy ravishda Haj amalini bajarish uchun mamlakatda qolish holatlari bilan bog‘liq edi.
2025-yilda 1,6 milliondan ortiq ziyoratchi, shu jumladan, rasmiy kvota bo‘yicha 15 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Haj ziyoratini ado etdi. Respublikada Hajni tashkil etish bilan faqat Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlari boshqarmasi shug‘ullanadi.
Ta’kidlash joizki, elektron turistik viza bir yillik va ko‘p martalik bo‘lib, mamlakatda 90 kungacha qolish va umra ziyoratini amalga oshirish imkonini beradi, biroq Haj ziyoratiga borish huquqini bermaydi.
O‘zbekiston 2023-yil 6-avgustda Saudiya Arabistonining 57 ta davlatni qamrab oluvchi onlayn viza tizimiga kiritildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston 2023-yil 1-yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etdi.