
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Tashqi ishlar vazirligi Malayziyaga tashrifni muhokama qildi
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Markaz delegatsiyasining yil boshida Malayziyaga tashrifi yakunlari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti bilan hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, bu O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga xizmat qilishini aytib o‘tdilar.
Bundan tashqari, ishtirokchilar “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining Malayziyaga bag‘ishlangan 58-kitob-albomini nashr etish masalasini ko‘rib chiqdilar. Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu nashr xalqaro ilmiy hamjamiyatda keng qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.