O‘zbekistonning raqamli taraqqiyoti Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlamoqda
20 январь

O‘zbekistonning raqamli taraqqiyoti Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlamoqda

Vengriyaning “Hello Magyar” nashri maqolasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston raqamli infratuzilma va davlat xizmatlarini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishgan. Maqolada mamlakatdagi keng ko‘lamli raqamlashtirish Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishi qayd etilgan.

Islohotlarning asosiy yo‘nalishi My.gov.uz Yagona interaktiv xizmatlar portali orqali elektron hukumat tizimini joriy etish bo‘ldi. 2024-yil oktyabr oyiga kelib, davlat xizmatlarining 60 foizdan ortig‘i ushbu platforma orqali taqdim etilmoqda, ularning umumiy soni esa 675 taga yetdi. Elektron hukumat ilovasi ham ommalashib, foydalanuvchilar soni 2,5 milliondan oshdi.

O‘zbekistonning raqamli sohadagi taraqqiyoti xalqaro miqyosda tan olinib, bu BMTning 2024-yildagi elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotida o‘z aksini topdi. Mamlakat reytingda olti pog‘onaga ko‘tarilib, elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (EGDI) “juda yuqori” bo‘lgan davlatlar guruhiga kirdi. 2022-yilda O‘zbekiston 0,7265 indeks bilan 69-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichidan oshib, 0,7999 indeks bilan 63-o‘ringa ko‘tarildi.

Jahon bankining baholashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2022-yilda O‘zbekiston ikki yil ichida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, GovTech yetuklik indeksida 198 mamlakat orasida 43-o‘rinni egalladi. Mamlakat raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlari sohasidagi innovatsiyalar bo‘yicha dunyoning yetakchi to‘rtligiga kirdi.