
Rossiya va O‘zbekistonning markirovka operatorlari dori-darmonlarning kodlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Rossiya ("Chestniy znak") va O‘zbekiston (CRPT TURON) markirovkalash tizimlari operatorlari "Farmstandart" kompaniyasi bilan birgalikda dori vositalarining transchegaraviy savdosi sohasida yechimlarni ishlab chiqish uchun Kompetensiyalar markazini tashkil etadi. Tegishli memorandum Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida imzolandi.
Markazning asosiy vazifasi O‘zbekistonning "Asl Belgisi" va Rossiyaning "Chestniy znak" markirovkasi kodlarini o‘zaro tan olishni ta’minlash bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlari uchun "yashil yo‘lak" yaratish imkonini beradi.
CRPT TURON bosh direktori Anatoliy Bachikalov ta’kidlaganidek, memorandumning imzolanishi shaffof va ishonchli ta’minot zanjirlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
"Kodlarning o‘zaro tan olinishi dori vositalarini tashish jarayonini tezlashtiradi, kontrafakt xavfini kamaytiradi va bemorlar xavfsizligini ta’minlaydi," - deya tushuntirdi u.
Kelishuv ishtirokchilari tajriba va tavsiyalar almashishni tashkil etish, ta’lim tadbirlarini o‘tkazish va talablarni uyg‘unlashtirish uchun qonunchilikdagi o‘zgarishlarni birgalikda muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
MTRK direktorlar kengashi raisi Mixail Dubinning so‘zlariga ko‘ra, bu hamkorlik tibbiy preparatlar eksporti va importi jarayonlarini soddalashtiradi. "Farmstandart" bosh direktori Dmitriy Zaysev ham markazning tashkil etilishi xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.