Qashqadaryo viloyatida 200 dan ortiq mehmonxona ochiladi
5 декабрь

Qashqadaryo viloyatida 200 dan ortiq mehmonxona ochiladi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, investitsiyalarni ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Muhokama davomida mintaqaning erishgan yutuqlari ko‘rib chiqilib, yaqin kelajak uchun yangi vazifalar belgilandi.

Yil boshidan beri viloyatda 2 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirildi, 565 ming kishining bandligi ta’minlandi, 90 ming fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi. Yil oxirigacha yalpi hududiy mahsulotning 6 foizdan ko‘proq o‘sishi, eksportning esa 555 million dollarga yetishi kutilmoqda. Biroq, davlat rahbari fikricha, mintaqaning salohiyati yanada yuqori natijalarga erishish imkonini beradi.

Oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yildan boshlab viloyat o‘zini kartoshka, meva, parranda go‘shti va tuxum bilan to‘liq ta’minlashni rejalashtirmoqda. Buning uchun xorijiy investorlar ishtirokida 16 ta yirik loyiha shakllantirilddi. Xususan, bir necha tumanda 300 gektar maydonda zamonaviy bog‘ barpo etilmoqda, u yerda yiliga 4 ming tonna meva yetishtiriladi va 600 ta ish o‘rni yaratiladi.

Organik qishloq xo‘jaligi, jumladan tarvuz konsentrati ishlab chiqarish va shok muzlatish texnologiyalari rivojlantirilmoqda. Chorvachilik sohasida 62 ming bosh qo‘y va 10 ming bosh qoramol olib kelish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yangi ish o‘rinlari yaratish va kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qiladi. Qarshi va Qamashi shaharlarida chorvachilik klasteri va parrandachilik fabrikasi ish boshlaydi.

Investitsiyalar to‘qimachilik tarmog‘iga ham yo‘naltirilmoqda, bu yerda beshta yangi korxona ishga tushirilishi natijasida mato ishlab chiqarish 51 foizga oshadi. Turizm ham mintaqa iqtisodiyotining muhim qismiga aylanmoqda: mashhur yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun 300 million dollar ajratilmoqda. 200 dan ortiq mehmonxona va mingta savdo shoxobchasi tashkil etilib, 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

1-noyabrda boshlangan “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida viloyatdagi 6 ta yirik korxona kelgusi yilda 10 mingdan ortiq fuqaroga yordam berish majburiyatini oldi. Qashshoqlik darajasini 8,6 foizdan 6,5 foizga tushirish imkonini beradigan 86 ta yirik loyiha va 33 mingta mikroloyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.