
O‘zbekiston Prezidenti MAGATE rahbari bilan uchrashdi
Shavkat Mirziyoyev Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston 1994-yildan beri MAGATE a’zosi hisoblanadi. Shu vaqt mobaynida 40 dan ortiq qo‘shma loyiha, jumladan huquqiy bazani takomillashtirish, yadro fani, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda joriy tashabbuslar amalga oshirildi. Prezident agentlik delegatsiyasining mamlakatimiz vazirliklari, idoralari va ilmiy muassasalaridagi faoliyati natijalarini yuqori baholadi, shuningdek, 5-dekabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyaning muhimligini ta’kidladi.
Yuqori malakali kadrlar tayyorlash va yadro energetikasi, qishloq xo‘jaligi, suvdan foydalanish, sog‘liqni saqlash hamda ekologiya sohalaridagi istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv doirasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma ‘yo‘l xaritasi‘ni ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.