
O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni valiahdi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Ar-Riyodda bo‘lib o‘tayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni valiahdi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. Uchrashuvda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Mirziyoyev O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalar tobora faollashayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar ko‘payayotgani, qo‘shma korxonalar soni ko‘payayotganini ta’kidladi.
Tomonlar yashil energetika, transport infratuzilmasini yangilash, agrar sektor va sanoatni rivojlantirish kabi yangi loyihalarni muhokama qildilar. Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar, shu jumladan 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” ikkinchi sammiti masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Prezident Saudiya Arabistoni rahbariyatiga o‘zbekistonlik ziyoratchilarga Haj va Umra amallarini ado etishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ar-Riyoddagi ish dasturini yakunlab, O‘zbekiston prezidenti Bokuga yo‘l oldi.