O‘zbekiston fuqarolik masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdi
Ashxobodda Markaziy Osiyoda fuqarosizlikni bartaraf etish mavzusiga bag‘ishlangan vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov qatnashib, tug‘ilishni ro‘yxatga olish bo‘yicha mintaqaviy tajribalar haqidagi sessiyada ma’ruza qildi.
Toshqulov aholini aniq hisobga olish uchun zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani haqida ma’lumot berdi. “FHDYoning yagona elektron arxivi” tizimi doirasida O‘zbekistonda 60 milliondan ortiq fuqarolik holati dalolatnomalari raqamlashtirilgani, chaqaloqlar uchun shaxsiy raqam joriy etilgani, shuningdek, tibbiyot muassasalari orqali tug‘ilishni ro‘yxatga olish tizimi ishga tushirilganini ta’kidladi.
Vazir, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan yanvar-mart oylarida o‘tkazilgan “Hech kim hujjatsiz qolmasin” huquqiy aksiyasi natijalarini taqdim etdi. Ushbu aksiya doirasida 116 mingdan ortiq fuqaroning hujjatlari bilan bog‘liq masalalar hal etildi. Jumladan, 1639 kishi ilk bor tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani qo‘lga kiritdi, 15 mingdan ortiq kishi esa yo‘qotilgan hujjatlar o‘rniga takroriy guvohnomalar oldi.
Toshqulov fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, ularni ishga joylashtirish va O‘zbekistonda 15 yildan ortiq istiqomat qilayotganlarga fuqarolik berish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Nutqining yakunida u fuqarosizlikni bartaraf etish uchun xalqaro hamkorlik muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslarda ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.