
Toshkentda Markaziy Osiyoda pandemiyalarga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi
O‘zbekiston poytaxtida “Yagona salomatlik” yondashuvi asosida pandemiyalarga tayyorgarlik va ularga javob choralarini ko‘rishga bag‘ishlangan Milliy muvofiqlashtirish kengashi bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan milliy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan bo‘lib, pandemiya xavfini kamaytirish uchun tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Kengash FAO, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyoning beshta mamlakatida: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda amalga oshirilayotgan mintaqaviy loyiha doirasida o‘tkazildi. Uning asosiy maqsadi pandemiyalarga qarshi kurashda veterinariya, ekologiya va tibbiyot tizimlarining salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Uchrashuv ishtirokchilari milliy ish rejasi, idoralararo hamkorlik mexanizmlari va asosiy muammolarni muhokama qildilar. Muhokamalarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi vakillari hamda xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.
Davlat idoralari o‘rtasidagi muvofiqlashtiruvni yaxshilash va tarmoqlararo hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni izlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi zoonoz kasalliklar qanchalik tez tarqalishi mumkinligini ko‘rsatdi, bu esa keng qamrovli va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo tibbiyot, veterinariya va ekologiya xizmatlarining o‘zaro hamkorligini nazarda tutuvchi “Yagona salomatlik” konsepsiyasini faol joriy etmoqda.
Loyiha epidemiologik nazorat tizimlarini modernizatsiya qilish, ixtisoslashtirilgan treninglar o‘tkazish va texnik yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.