O‘zbekistonda taqiqlangan internet-resurslar ro‘yxati yangilandi
2025-yil 8-yanvar kuni O‘zbekiston Oliy sudi ekstremistik deb topilgan va mamlakat hududida tarqatilishi man etilgan internet resurslarining yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi.
Qonun hujjatlariga ko‘ra, bunday materiallarni mamlakatga olib kirish, ishlab chiqarish, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan.
Yangilangan ro‘yxatga Facebook’dagi 203 ta sahifa, Telegram’dagi 713 ta kanal, Instagram’dagi 226 ta profil, YouTube’dagi 135 ta kanal, Odnoklassniki’dagi 35 ta sahifa, TikTok’dagi 44 ta sahifa, 13 ta veb-sayt va ilova hamda 20 ta boshqa manba kiritilgan.
Internetdagi radikal mazmundagi kontentni aniqlash Din ishlari qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan nazorat qilinadi. Taqiqlash to‘g‘risidagi yakuniy qaror Oliy sud tomonidan qabul qilinadi.