O‘zbekistonda elektron mehnat shartnomalari joriy etilmoqda
O‘zbekistonda 2024-yil 27-dekabrdan boshlab elektron mehnat shartnomalarini tuzish tartibi amaliyotga kiritiladi. Bu 2019-yil dekabrda qabul qilingan Yagona milliy mehnat tizimi (YMMT) to‘g‘risidagi nizomga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar tufayli amalga oshirilmoqda.
Bundan buyon mehnat shartnomalari YMMT platformasi orqali raqamli shaklda rasmiylashtiriladi. Hujjatni imzolashda ham ish beruvchi, ham xodim tomonidan elektron raqamli imzo (ERI) qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. ERIdan foydalanib, mehnat shartnomalariga kiritiladigan qo‘shimcha kelishuvlar ham tasdiqlanadi.
Barcha ish beruvchilar elektron shartnomalarni rasmiylashtirishi va YMMT orqali qog‘oz nusxalarini ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Bundan faqat maxfiy shtat jadvaliga ega bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat xavfsizligi sohasida faoliyat yuritayotgan ish beruvchilar mustasno qilingan.