O‘zbekistonda tamaki isitish tizimlari taqiqlanmaydi
9 январь

O‘zbekistonda tamaki isitish tizimlari taqiqlanmaydi

O‘zbekiston Oliy Majlisida elektron sigaretalarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama etilmoqda. Unda elektron sigaretalarni mamlakat hududiga olib kirish va sotish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqichda taqiq faqat veyplarga tatbiq etiladi, tamaki isitish tizimlari esa cheklovlardan tashqarida qoladi.

Qonunchilik palatasi majlisida so‘zga chiqqan Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov asosiy e’tibor, ayniqsa yoshlar orasida ommalashgan xushbo‘ylashtiruvchi va nikotin saqlovchi veyplarga qarshi kurashga qaratilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, tamaki isitish tizimlari taqiqlanmaydi, chunki ular imkoniyati bo‘lgan foydalanuvchilar uchun oddiy sigaretalar o‘rnini bosuvchi vosita hisoblanadi.

Xudayarov, shuningdek, xorijlik sayyohlar taqiq haqida oldindan xabardor qilinishini, chegarada cheklovga tushgan tamaki mahsulotlari musodara qilinishini ma’lum qildi. Ushbu masala yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va elchixonalar bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib boriladi.

Qonun loyihasining muhokamasi deputatlar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Spiker o‘rinbosari Rahim Hakimov sayyohlik oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik uchun qonun matniga o‘z aybini bo‘yniga olgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikdan ozod qiluvchi normani kiritishni taklif etdi. “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov esa o‘z fraksiyasi o‘tgan chaqiriqdayoq veyplarni taqiqlashni taklif qilganini, biroq o‘shanda bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmaganini eslatdi. U o‘z nutqida veyplarning DNK tuzilmasiga zararli ta’siri haqidagi ma’lumotlarni keltirdi va bu kelajak avlodlarda tug‘ma kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.