Migrantlar Yevropa Ittifoqidan tashqarigami? Yevropa Komissiyasining bahsli rejasi
24 апрель

Migrantlar Yevropa Ittifoqidan tashqarigami? Yevropa Komissiyasining bahsli rejasi

"Euronews" nashri maqolasida aytilishicha, Yevropa noqonuniy migratsiyani kamaytirish va boshpana berilmagan shaxslarni qaytarish jarayonini tezlashtirish yo‘llarini izlamoqda. Shu munosabat bilan Yevropa Komissiyasi ikki tomonlama yoki umum Yevropa kelishuvlari asosida uchinchi mamlakatlarda qaytarish markazlarini tashkil etish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi Umumyevropa qaytarish tizimini yaratishni taklif etdi.

Biroq, bunday kelishuvlar jiddiy huquqiy va axloqiy masalalarni keltirib chiqarmoqda. Bunga misol tariqasida Italiya va Albaniya o‘rtasidagi, xalqaro suvlarda qutqarilgan "xavfsiz mamlakatlar"dan kelgan boshpana so‘rovchilarini saqlash markazlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi protokolni keltirish mumkin.

Italiya sudlari konstitutsiyaviy muammolar tufayli bu jarayonni allaqachon uch marta to‘xtatib qo‘ygan. 100 dan ortiq inson huquqlari tashkilotlari migratsiya siyosatini tashqi siyosatga yo‘naltirish inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelishi va odamlarni o‘zlarining asosiy huquqlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Tanqidchilarning ta’kidlashicha, ilgari faqat o‘ta o‘ng kuchlar bilan bog‘liq bo‘lgan bunday choralar endi Yevropa Ittifoqining asosiy siyosatining bir qismiga aylanib bormoqda.

Masalan, 2018-yilda Yevropa Komissiyasi mamlakat tashqarisida joylashgan qaytarish markazlari noqonuniy ekanligini e’lon qilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, tashabbus tarafdorlari noqonuniy migratsiya muammosini samarali hal qilish uchun uchinchi davlatlar bilan hamkorlik zarurligini va markazlar faqat boshpana so‘rovi rad etilgan shaxslar uchun ishlatilishini ta’kidlamoqda.