Rossiya bosh prokurori migrantlarga hujjat berilishini nazorat qilishni talab etdi
20 март

Rossiya bosh prokurori migrantlarga hujjat berilishini nazorat qilishni talab etdi

Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov chet elliklarga ruxsat beruvchi hujjatlar berilishi ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qildi. Bunga prezident topshirig‘i bilan o‘tkazilgan tekshiruvda 2024-yilda noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq jinoiy ishlar soni ikki barobar oshgani sabab bo‘lgan.

Krasnov ta’kidlashicha, noqonuniy migratsiya korrupsiya uchun “ozuqa muhiti” hisoblanadi. Tekshiruv davomida patentlar, yashash uchun ruxsatnomalarni noqonuniy berish, soxta ro‘yxatdan o‘tkazish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoiy sxemalarda ishtirok etish holatlari aniqlandi.

Bosh prokuror chet elliklarga hujjatlar berilishi va uzaytirilishi, migratsiya nazorati hamda nazorat ostidagi shaxslar reyestri yuritilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlashni talab etdi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda “Alabuga” EIZ (Tatariston) va O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida 10 ming o‘zbekistonlik ishchini EIZ korxonalariga jalb etishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi. Kelishuv doirasida Agentlik nomzodlarni tanlov asosida saralab oladi.

Agentlik direktori B. Musayev 500 dan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassis mehnat qilayotgan "KamAZ‘ga ham tashrif buyurdi. Musayev O‘zbekiston fuqarolarini "KamAZ‘da o‘qitish (jumladan, til kurslari) va ishga joylashtirishni nazarda tutuvchi hamkorlik haqidagi hujjatni imzoladi.