
Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasi Toshkentda o‘tkaziladi
Senat Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoq Ma’muriy kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, qatnashchilarni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan 150-yubiley Assambleyasiga taklif etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, aholi turmush darajasini yuksaltirish, shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli demokratik islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi yillarda mamlakatda parlamentning o‘rni sezilarli darajada kuchaydi, Oliy Majlisning xorijiy parlamentlar bilan xalqaro aloqalari yanada mustahkamlandi. O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq faoliyatidagi ishtiroki yanada faollashgani mamlkatning xalqaro maydonda ochiq muloqotga intilishidan dalolat bermoqda.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston erishgan yutuqlar haqida ma’ruza taqdim etildi hamda mamlakatning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi videolavha namoyish qilindi. Tadbir ishtirokchilari ushbu chiqishni olqishlar bilan kutib oldilar. Xalqaro hamkorlar kelgusi Assambleyani Toshkentda tashkil etilayotgani uchun minnatdorchilik bildirishdi va O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniyatini katta qiziqish bilan qarshi oldilar.
Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun