Ukrainalik shaxs o‘zini rossiyalik deb ko‘rsatib, internetda o‘zbek millati vakillarini haqoratlagan
2 февраль

Ukrainalik shaxs o‘zini rossiyalik deb ko‘rsatib, internetda o‘zbek millati vakillarini haqoratlagan

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Ukraina maxsus xizmatlarining millatlararo ziddiyatlarni keltirib chiqarish va Rossiyaning MDH davlatlari bilan munosabatlarini buzishga qaratilgan urinishlarini fosh etgani haqida ma’lum qildi. Hodisa YouTube platformasida provokatsion video tarqatilishi bilan bog‘liq.

FSB ma’lumotlariga ko‘ra, videoning muallifi Ukraina Qurolli Kuchlarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlovchi ukrainalik Nikolay Kochmarik ekan. Videoda u o‘zini Rossiya fuqarosi sifatida tanishtirgan va milliy shovinistik uslubda o‘zbek millati vakillari haqida fikr bildirgan. Keyinchalik yozuv Litva maxsus xizmatlari nazoratidagi YouTube kanaliga joylashtirilgan.

Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlarining aytishicha, ushbu provokatsiyani tashkil etish va tarqatish ortida G‘arb homiylarining yordami bilan harakat qilgan Ukraina va Litva maxsus xizmatlari turibdi. Mazkur axborot hujumining maqsadi xorijda Rossiyaga qarshi kayfiyatlarni shakllantirish va Rossiyaning MDHdagi ittifoqchilari bilan munosabatlariga putur yetkazishga urinish bo‘lgan.