“Forish” poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
O‘zbekistondagi “Forish” tog‘ poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy xizmatchilari o‘rtasida HANJAR-2024 qo‘shma taktik maxsus mashg‘ulotlari o‘z ishini boshladi. Mashg‘ulotlar ikki davlat madhiyalari sadolari ostida ishtirokchilarning maydon bo‘ylab yurishi bilan ochildi.
Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi rahbarlari bilan uchrashib, mashg‘ulotlar rejasini muhokama qilishdi. O‘n kun davomida tajriba almashish va bir qator amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi. Mashg‘ulotlar davomida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari turli qurollardan o‘q otishni, shartli aholi yashaydigan hududda jangovar vaziyatlarda harakat qilishni mashq qilishadi, shuningdek, o‘z harakatlarini tahlil qilishadi.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlar ishtirokchilari uchun milliy taomlar kunlari, futbol musobaqalari va Samarqand shahriga sayohat tashkil etilishi rejalashtirilgan.