Toshkentda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari muammolari muhokama qilindi
O‘zbekiston Energetika vazirligida elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari faoliyatiga oid muammolarni o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov rahbarligidagi tadbirda vazirlik, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya”, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda energetika va zaryadlash infratuzilmasi bilan bog‘liq kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda “Tok Bor”, “Megawatt Energy”, “Greente”, “Q.Watt”, “TezTok”, “Mustang Energy”, “Voltauto”, “EBB Charging” va “Spectre Energy” kabi kompaniyalar vakillari qatnashdi. Muhokama Toshkentdagi elektromobillarni zaryadlash stansiyalari asossiz ravishda o‘chirilgani haqida OAVda tarqalgan ma’lumotlar tufayli qizg‘in bahs-munozaralarga aylanib ketdi.
Vazir o‘rinbosari Energetika vazirligi stansiyalarni o‘chirish to‘g‘risida hech qanday ko‘rsatma bermaganini va ularning atrof-muhitni muhofaza qilishga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda mamlakatda elektromobillarni rivojlantirish tarafdori ekanligini ta’kidladi. Biroq, tadbirkorlarga energetika sohasini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi.
Quvvatlash stansiyalari operator-kompaniyalari elektr tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq muammolarini ko‘tarib chiqishdi va ularni hal etish yo‘llarini taklif qilishdi. Uchrashuvda vazirlik vakillari tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tinglab, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini ma’lum qilishdi.