Yaponiya O‘zbekistonga 215 ming dollar qiymatidagi tibbiy jihozlar yuboradi
9-yanvar kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ko‘lamli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida grant shartnomalari imzolash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorov, Yaponiya elchisi Xatori Takashi, shuningdek, Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
Dastur doirasida umumiy qiymati 215 ming dollarga yaqin bo‘lgan uchta loyiha imzolandi. Mablag‘lar turli muassasalar uchun zamonaviy tibbiy jihozlar xarid qilishga yo‘naltiriladi. Ular orasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filiali, Respublika perinatal markazi hamda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bor.