
O‘zbekistonda kitob o‘qigani uchun jazoni yengillashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullandi
O‘zbekistonda kitob o‘qish bilan faol shug‘ullanayotgan mahkumlarga jazo muddatini qisqartirish taklif etildi. Bunday imkoniyatni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tdi. Tashabbusga ko‘ra, tasdiqlangan ro‘yxatdagi har bir o‘qilgan kitob uchun mahkum o‘z jazo muddatini uch sutkagacha qisqartirishi mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasi Jinoyat kodeksiga mahkumlarni adabiyot vositasida axloqan tuzatishga qaratilgan yangi 74-1-moddani kiritmoqda. Mahkumlar kitobni o‘qib bo‘lgach, materialni o‘zlashtirganliklari haqida maxsus imtihon topshiradilar. Bundan tashqari, o‘qilgan kitoblar hisobi shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilish yoki jazoni yengillashtirish masalalarini ko‘rib chiqishda ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Tashabbusni samarali amalga oshirish uchun Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Ular adabiyotlarni taqdim etish tartibini va ushbu normani qo‘llashning protsessual jihatlarini tartibga soladi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, yangi mexanizm nafaqat axloq tuzatish ishlarining samaradorligini oshiradi, balki mahkumlarning tarbiyasi, o‘zini o‘zi nazorat qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi va parlament a’zolarining takliflarini inobatga olgan holda takomillashtiriladi.