
MDH chegaralarda qo‘shma mashqlarga tayyorlanmoqda
MDHga a’zo davlatlar ekspertlari Hamdo‘stlikning tashqi chegaralaridagi inqirozli vaziyatlarni hal qilish bo‘yicha chegara va boshqa idoralar tuzilmalarining qo‘shma mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishib oldilar.
Ekspert guruhining qo‘shimcha yig‘ilishi 23-24-aprel kunlari Moskvada bo‘lib o‘tdi. Uning ishida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, shuningdek, MDH tuzilmalari, jumladan, hujjatning asosiy ishlab chiquvchisi bo‘lgan Chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashi vakillari ishtirok etdi.
Ekspertlar kelib tushgan takliflarni muhokama qilib, Bitim loyihasi matnini maromiga yetkazdilar va kelishdilar. Hujjatni belgilangan tartibda Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Kelgusidagi Bitimning maqsadi boshqaruv organlari va chegara qo‘shinlari, shuningdek, boshqa idoralarning tashqi chegaralarda inqirozli vaziyatlar yuzaga kelganda birgalikda harakat qilishga tayyorligini oshirishdan iborat. Mashg‘ulotlar rejalashtirish, tezkor harakatlar va tuzilmalarni boshqarishni takomillashtirish, ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va samarali javob berish uchun yagona yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi.