
Samarqandda YeI-Markaziy Osiyo sammiti muhokama qilinadi
O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatning asosiy mavzusi joriy yilning aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo sammitiga tayyorgarlik masalasi bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqi elchisi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, ayniqsa ayollarning huquqiy himoyasi va ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U bunday islohotlar mamlakatda ijtimoiy barqarorlik va teng huquqlilikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Toyvo Klaar, shuningdek, O‘zbekistonning boy tarixiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishining muhimligini alohida qayd etdi. Uning fikricha, milliy meros xalq uchun faxrlanish manbai bo‘lib xizmat qilishi va milliy o‘zlikni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi lozim.