O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlari kuchaytirilmoqda
22 январь

O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlari kuchaytirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Jinoyat-protsessual kodeksi va ‘Sudlar to‘g‘risida‘gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi. O‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri bilan bog‘liq bo‘lib, unda jinoyat sudlov ishlarini yuritishda shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda, xususan, 28-moddada amaldagi huquqiy hujjatlarda aks ettirilishi lozim bo‘lgan tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgan. Qonun loyihasiga ko‘ra, ayblanuvchining aybi sud muhokamasida isbotlanmaguncha, u aybsiz deb hisoblanishi belgilangan. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga himoyalanish uchun barcha imkoniyatlar, shuningdek sukut saqlash huquqi kafolatlanadi. Bundan tashqari, hech kim o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Aybni tan olish hukm chiqarish uchun yagona dalil bo‘la olmaydi. Sudlanganlik va u bilan bog‘liq huquqiy oqibatlar mahkumning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lib xizmat qilmaydi.