
O‘zbekistonda jinoyat jarayonida qiynoqlarga qarshi choralar kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar jinoyat ishi yuritish doirasida qiynoqlar va boshqa shafqatsiz muomalalarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqib, ikkinchi o‘qishda qabul qildilar.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, ayniqsa, ularni g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi xatti-harakatlardan himoya qilish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri inson sha’ni va qadr-qimmatining daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirdi, bu esa yangi qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ldi.
Qonun loyihasida tergov hibsxonalariga joylashtiriladigan barcha shaxslar uchun majburiy tibbiy ko‘rik o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Ushbu ko‘rik bevosita hibsxonaning o‘zida o‘tkazilib, qamoqda saqlash boshlanishidan oldin majburiy tartib-qoidaga aylanadi.
Bundan tashqari, ushlangan shaxslarda tan jarohatlari yoki shikastlar aniqlangan taqdirda, darhol prokurorga xabar beriladi. Bunday chora mahbuslarga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan zo‘ravonlik va qiynoq holatlarining oldini olishga qaratilgan.