
O‘zbekistonda faxriy donorlarga yangi imtiyozlar beriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar mamlakatda donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qullashdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ommaviy donorlik dasturlari jadal rivojlanmoqda, qon xizmati muassasalari faoliyati takomillashtirilmoqda, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ustuvor vazifaga aylanmoqda. Bundan tashqari, donorlik harakatini ommalashtirish va unga keng jamoatchilikni jalb etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolarga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi. Ularga yillik mehnat ta’tili uchun qulay vaqtni tanlash huquqi, shuningdek, yo‘nalishli va chiziqli taksilardan tashqari shahar jamoat transportining barcha turlaridan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, faxriy donorlar birinchi navbatda sanatoriy va kurortlarda davolanish uchun yo‘llanma olish huquqiga ega bo‘ladilar.