O‘zbekistonda “mahalla bankirlari” ish boshladi
11 январь

O‘zbekistonda “mahalla bankirlari” ish boshladi

Toshkent viloyatida dastlabki “mahalla bankirlari” faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ularga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar yuklatilgan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Viloyatda 264 ta “mahalla bankirlari” shtat birliklari tashkil etilgan bo‘lib, har bir mahallada ular bilan hamkorlikda ishlaydigan "yordamchi-agentlar‘ni saralash ishlari davom etmoqda. Bank mutaxassislarining asosiy vazifasi hududlarning biznes salohiyatini o‘rganish, aholi bilan muloqot o‘rnatish va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishda ko‘maklashishdan iborat.

“Mahalla bankirlari” fuqarolarga kreditlarni rasmiylashtirishda, biznesni yo‘lga qo‘yishda, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishda va kredit mablag‘larini qaytarish jarayonini qo‘llab-quvvatlashda yordam beradi. Ularning faoliyati tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.

2025-yilda Toshkent viloyatida 350 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Buning uchun tuman va shahar hokimliklari aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalarida banklar bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimlar imzoladi.

Shu bilan birga, banklar va mahalliy hokimliklar tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qilmoqda. Shunday uchrashuvlarning birida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Ayubxon Kamolov ishtirok etdi.

"Mahalla bankirlari"ni joriy etish tashabbusi prezident tomonidan 2024-yil dekabr oyida ma’qullangan edi. “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida tadbirkorlarni kreditlash uchun banklarga 1 milliard dollar ajratildi. 2025-yil 1-fevralga qadar har bir tumandagi bank filiallari huzurida “mahalla bankirlari” bo‘linmalari faoliyat boshlashi lozim.