O‘zbekistonda armiya va mudofaa sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
4 февраль

O‘zbekistonda armiya va mudofaa sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Prezidenti va Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Mudofaa vazirining qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, harbiy texnikani modernizatsiya qilish va Mudofaa sanoati agentligini rivojlantirish to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Armiyaning jangovar salohiyatini mustahkamlashga, shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy holatiga, ofitser va muhandis-texnik kadrlarni kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va harbiy bo‘linmalarning tayyorgarligini yaxshilash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakatning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.