O‘zbekiston va AQSH hamshiralarni tayyorlashda hamkorlik qiladi
22 март

O‘zbekiston va AQSH hamshiralarni tayyorlashda hamkorlik qiladi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi va “New Future Success Academy” xalqaro o‘quv markazi AQShda ishlash uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Agentlik direktor o‘rinbosari Azim Husanov markazning boshqaruvchi menejeri Fozilbek Xonxo‘jayev bilan uchrashuv o‘tkazdi va uning yakunida memorandum imzolandi.

Muhokamaning asosiy mavzusi O‘zbekistonda hamshiralarni Amerika standartlari bo‘yicha test sinovlariga tayyorlash markazini ochish, shuningdek, MDH va qo‘shni davlatlarda yagona bo‘lishi mo‘ljallangan imtihon markazini tashkil etish bo‘ldi. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar 2030-yilgacha 1 milliondan ortiq hamshiraga ehtiyoj bo‘lishi kutilayotgan AQShda ish topish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Yuqori malakali mutaxassislar uchun har yili 44 mingta ishchi vizasi ajratiladi.

Imzolangan memorandum tibbiyot sohasidagi o‘zbekistonlik mutaxassislarni xorijda ishlashga tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishga asos yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining, ayniqsa, yuqori malakali mutaxassislar va chekka hududlarda ishlaydigan shifokorlarning ish haqi oshdi. Oliy toifali hamshiralar o‘rtacha 2,5-5 mln so‘m (ustamalar bilan) maosh olishgan. Qidiruv xizmatlaridagi takliflarga ko‘ra, kichik tibbiyot xodimlarining ish haqi uncha ko‘p oshmagan, 2025-yilda hamshiralarga eng ko‘pi bilan 3,5-4 million so‘m taklif qilinmoqda.