
Prezident farmatsevtika logistika markazi faoliyati bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Grand Pharm Logistics Hub” logistika markaziga tashrif buyurdi. Mazkur obyekt “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterining bir qismi bo‘lib, o‘n gektar maydonni egallab turibdi.
Qiymati 40 million dollar bo‘lgan loyiha uch qavatli ma’muriy bino, omborxonalar, mehmonxona, oshxona va yotoqxonani o‘z ichiga oladi. Bu yerda 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Umumiy maydoni 50 ming kvadrat metr bo‘lgan omborxonalar xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq. Markaz farmatsevtika mahsulotlarining yirik partiyalarini saqlash va taqsimlashning raqamlashtirilgan jarayonini ta’minlab bermoqda.
Logistika markazi klaster tarkibiga kiruvchi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. SAP xalqaro tizimi tufayli bu yerda mahsulotlarni saqlash va eksport qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Obyekt zarur sertifikatlar va litsenziyalarga, jumladan, GDP va GSP, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi va xalqaro tashish uchun imkoniyatlarga ega.
Mahsulot sifatini saqlash uchun hatto yuklash jarayonida ham barqaror haroratni ushlab turuvchi sovutish tizimlari o‘rnatilgan. Markazda 20 dan ortiq yuk mashinasi mavjud bo‘lib, ular to‘xtash va texnik xizmat ko‘rsatish maydonchalari bilan jihozlangan.
Logistika markazi allaqachon bir qator mamlakatlar, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Germaniya va Fransiya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hamkorlar ro‘yxati kengayib bormoqda. Prezident mahsulotlarni saqlash va rasmiylashtirish sharoitlarini yaxshilash, tannarxni kamaytirish va dori-darmonlarni arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“GPH Academy” ta’lim loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik olib borilmoqda. Uchta oliygohda amaliyot sinflari tashkil etilib, uch mingga yaqin farmatsevt o‘qitildi. O‘ttizga yaqin talaba stipendiya va grantlar bilan ta’minlandi.